" CHEVARA " Bilaman, - TopicsExpress



          

" CHEVARA " Bilaman, daraxtday qulasam agar Mening hayot bog‘im qolmas huvillab... Zulfiya Chevarasining surati kelgandan beri kampir oromini yo‘qotdi. Toshkentga qarab talpinib qoldi. Avji mevalari g‘arq pishib turganda kampir shaharda nima qiladi, deb qo‘ni-qo‘shnilar hayron bo‘lishdi. Tap-tap yerga to‘kilib yotgan shaftolilar ham, sal xoli qo‘ysa chumchuq talab tashlaydigan nor buvakilar ham shundoqqina qoldi. Kampir eshikka qulf urib yo‘lga chiqdi. U poezdda ham mijja qoqmadi. Chevarasining suratiga qarab goh xo‘rsinadi, goh iljayadi. Suratni ko‘zlariga surtadi. Yo‘lovchilar hayron. Bir nima deyishga botinisholmaydi. Kampir suratdan ko‘z olib, derazadan lip-lip o‘tayotgan bog‘larga, cho‘llarga ma’yus boqadi. Ko‘zlaridan shashqator yosh oqadi. Oxiri yo‘lovchilardan biri chidayolmadi. Jur’atsizlik bilan so‘radi: — Aya, nega unaqa qilasiz? Tinchlikmi? Kampir javob bermadi. Poezdga ergashib goh o‘zib, goh ortda qolib uchayotgan o‘yinqaroq qaldirg‘ochning pildirlashiga qarab qoldi. Oxiri og‘ir xo‘rsinib gap so‘ragan kishiga qaradi. — E, bolam, dostonim uzoq. Nima qilasan kitobimni varaqlab, bir benavo odamman, dardimni qo‘zg‘ama! Yo‘lovchilarning biri choy tutdi, biri qovun so‘yib oldiga kosa qilib qo‘ydi. Xullas, uni gapga solishdi. — Yetti bola tuqqanman. Hammasini tuproqqa berib birgina qizim bilan sho‘ppayib qolganman. Men ko‘rgan kunni it ham ko‘rmasin, bolalarim. Xotin boshim bilan Poytuq istansasida hammollik qilganman. Odam o‘ldirganman. Xotin kishi bo‘la turib, azbaroyi tirikchilik ekan, konibodomlik zo‘r polvon bilan kurash tushganman. Yiqilganman. Yo‘lovchilarning aqli shoshib qoldi. Bu qanaqa xotin o‘zi? Odam o‘ldirgan, erkak bilan kurash tushgan? Parovoz kichikroq bir raz’ezdda anchagina turib qolgandan keyin yana shitob bilan oldinga intildi. Hammaning qulog‘i kampirning og‘zida. Kampir choydan bir ho‘pladi. Stakandagi choyning chayqalishiga ma’yus tikilib hikoyasini boshladi. — Chuvamada bizni yetti qizlar deyishardi. Onam olti qiz tug‘ib o‘g‘il dardida sig‘inib bormagan joyi qolmagan. Shohimardondagi Chakkatomarning suvini ham ichgan, Arslonbopdan hassa Muso olib kelib butun qishloqqa ulashgan. Toshkentga kelib Mo‘yi muborakni ziyorat qilib, Tojixon eshonga qo‘l bergan. Shuncha sig‘inishlar zoe ketib men tug‘ilgan ekanman. Onam bechora baribir o‘g‘ildan ko‘ngil uzolmay otimni niyat qilib O‘g‘ilxon qo‘ygan ekan. Esimda bor, to kuyovga chiqqunimcha ham boshimda telpak, belimda qiyiq, oyog‘imda etik edi. O‘g‘il bolalar bilan o‘ynardim. O‘rtoqlarim nuqul o‘g‘il bolalar edi. Mahallaning kazo-kazolari, bas, qi-zing bo‘yga yetdi, yuzini bekit, deganlarida ham otam rahmatlik, yuraversin, uni o‘g‘lim deganman, deb yuzimni bekitmagan. Kuyovga chiqib, olti o‘g‘il, bir qiz ko‘rdim. Ota-onam ko‘rmagan baxtga yetdim, deb o‘ylagandim. Yo‘q, nasib qilmagan ekan... Erim sartaroshlik qilardi. Kichkinagina do‘konchadan tushgani bilan ro‘zg‘orni amal-taqal qilib turardik. Yetti bolani bir amallab boqayotganimizga er-xotin xudoga ming marta shukur qilardik. Kichkinam o‘shanda qo‘limda edi. Erim kuni bilan tikka oyoqda ishlab kelib shu kenjatoyimni o‘ynatib ovunardi. Shu kichkinagina baxtimizni ham xudo ko‘p ko‘rdi. Erimni mardikorga olishdi. Yig‘lab-yig‘lab istansada orqasidan qarab qoldim. Tirikchilik ekan, erimning do‘konini o‘zim ochdim. Bolani bir chekkaga yotqizib qo‘yib, ustachilik qila boshladim. Azaldan yuzim ochiq bo‘lganidan hech kim hayron bo‘lmadi. Bola-chaqalik bo‘lganimdan keyin ham dala-toshda ochiq yuraverdim. Ishim tig‘iz paytlarda erkaklar qatori samovarda bitta choy chaqirib ichib ketaverardim. Sal kunda qo‘lim kelishib qoldi. Bilmadim, yuzi ochiq xotinning sartaroshlik qi-lishi g‘alati ko‘ringanidanmi, yo ayol kishining qo‘li tegishiga ishqibozlik qilibmi, har qalay boshqa ustalardan ko‘ra menga odam ko‘proq kelardi. Mijozlarimdan bittasi bir gap aytib qoldi. Ellikboshi o‘zining o‘g‘li o‘rniga mening erimni jo‘natgan ekan noinsof. Bu gapdan keyin sira chidamadim. Necha bor yo‘lini poyla-dim. Yo‘liqmadi. Bir kuni Andijondan hokim to‘raning o‘zi Chuvamaga kelarmish, degan gap tarqaldi. Qo‘chalarga suv sepildi. Samovarlarga odam sig‘may ketdi. Ellikboshi allaqaysi go‘rda ekan, ot choptirib kelib qoldi. Uning soch-soqoli o‘sib ketgan, otdan tushiboq do‘konimga o‘zini urdi. — Qani, bo‘l, soch-soqolni tarashlab qo‘y! Bo‘yniga lungi bog‘lab yuziga sovun surdim, ustarani qayishga ishqab turganimda ikki yelkamga shayton minib yo‘ldan urdi. Kallamga kelgan o‘ydan qo‘rqib ketdim. Qaltiradim. Ellikboshi pishqirib baqirdi: — Muncha imillaysan. Bo‘l tez! U, kursi suyanchig‘iga boshini qo‘yib, shipga qarab o‘tiribdi. Ko‘zimga ha deb, bo‘rtib chiqib turgan kekirtagi ko‘rinaverdi. Undan ko‘zimni olib qochaman deyman, eplayolmayman. Iyagini chap qo‘lim bilan yuqoriga ko‘tarib turib, shartta kekirtagiga ustarani botirganimni bilaman. Ellikboshi xirilladi. To‘g‘rida turgan oynaga qon otilib sachradi. Navbat kutib turganlar gur etib ko‘chaga qochishdi. Ellikboshi o‘rnidan turib ketdi, xirillab-xirillab ostonaga yetganda yiqildi. Kampirning yuzlari bujmayib ketdi. Nursiz ko‘zlari bir dam yalt etdi-yu, yana boyagicha xiralashib qoldi. — Shu to‘polonning ustiga qo‘sh otli izvoshda hokim to‘ra kelib qoldi. Mirshablar qo‘l-oyog‘imni bog‘lab avaxtaga olib ketishdi. Poytuqda sud qilib kesib yuborishdi. Sibirga qarab ketyapman, ko‘zimga bolalarim ko‘rinadi. Kampir derazadan tashqariga qaradi. — O‘shandan beri endi poezdga tushishim. Mana shu yerlardan o‘tgandim. Qarang, boshqacha bo‘lib ketibdi. Dashti-biyobon edi o‘shanda. Qamoqqa tushganimga bir yildan oshganda sud qilishgan edi. Inqilob bo‘lganini poezdda eshitgandik. Poezd Toshkentda bir hafta turib qolgandi. Oq poshsho taxtdan tushib, uzoq-yaqinda to‘s-to‘polon bo‘layotgan ekan. Rabochiylar hamma vagonlarning eshigini ochib yuborishdi. To‘rt kishi bo‘lib o‘n sakkiz kun deganda goh aravada, goh piyoda yurib Poytuqqa yetib kelganmiz. Kelsam uyim kul tepa bo‘lib yotibdi. Bolalarim har tarafga tarqab ketishibdi. Dunyo ko‘zimga qorong‘i bo‘lib ketdi. U yoqqa yugurdim, bu yoqqa yugurdim, to‘rttasini topib keldim, uch bolam o‘lib ketgan ekan. Yig‘ladim-siqtadim. Qandoq qilaman, odam bolasi har baloga ko‘naverar ekan. Qolganlarining umrini bersin, deb shukur qildim. O‘zim loy qorib bir kulbani tikladim. Do‘kon ochsam, qo‘rqib hech kim soqol oldirgani kelmadi. Do‘konni yopib Poytuqqa qatnab hammollik qildim. Ish bo‘lmagan kunlarda to‘nka kavlab o‘tin qilib sotdim. O‘sha kezlari qishloqda har kun bosqin. Ellikboshining kuyovi bosmachiga chiqib ketgan ekan, mening payimga tushib qoldi. Kechalari mijja qoqmay tiq etsa eshikka qarab yotaman. Bir kuni qizimni yonimga olib, Poytuqqa tushib ketgan edim; kelayotib Chuvamani bosmachi bosdi, deb eshitib qoldim. Qizimni yetaklaganimcha halloslab yugurdim. Uzoqdan, daraxtlar orasida tutun burqsiyapti. Qo‘rqib ketdim. Kelsam uyim yonyapti. Jinniga o‘xshab qopman. O‘zimni hovliga urdim. Katta o‘g‘lim ayvonda, o‘rtancham ariq bo‘yida qonga belanib yotibdi. Turgan joyimda qotib qolibman. Kenjam tutga chiqib olgan ekan, yig‘lashini ham bilmaydi, gapirishini ham. Faqat iyagi qimirlaydi, xolos.
Posted on: Wed, 31 Jul 2013 05:32:50 +0000

Trending Topics



Recently Viewed Topics




© 2015